Rasmiy munosabat

Muammolar bor, ammo yutuqlar ham kam emas

Yoxud olis qishloq yoshlari Respublikada birinchi

Shu yilning 28-fevral kuni Zarnews.uz sayti orqali “Chekka hududlarda sportga nega e’tibor sust?” sarlavhali maqola yuzasidan Qo‘shrabot tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Tuman sport maktabi zali 2004-yil Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilgan. Haqiqatdan, shu vaqtga qadar kapital ta’mirlanmagan. “Mehnat” futbol o‘yingohi esa 1978-1983 - yillarda hashar yo‘li bilan qurilgan va 2004 - yilda ta’mirlangan. Har ikkisini ham kapital ta’mirlash uchun o‘tgan yillar davomida dasturga kiritish bo‘yicha uch marta taklif berilgan, ammo kiritilmagan.

To‘g‘ri muammolarimiz bor, ammo amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni ham sanab o‘tish maqsadga muvofiq. Sababi, keyingi paytlarda nafaqat markaz, balki olis mahallalarda ham yangi sport maydonchalari barpo etilyapti. Bor imkoniyatlardan foydalanib yoshlarimiz nufuzli musobaqalarda  yuqori o‘rinlarni egallab kelyapti.

Aholini, xususan, yoshlarni sportga jalb qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, “Besh muhim tashabbus olimpiadasi” tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish maqsadida tumanda jami 9 ta (“Chimmos”, “Jo‘sh ota”, “Buloqboshi”, “Na’muna”, “Mustaqillik”, “Zarkent” va “Zarmitan” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida) “Street Work out” hamda “Street ball” maxsus sport maydonchalari tashkil etilgan. Ayni paytda shu maydonchalardan samarali foydalanilmoqda.

“Tashabbusli byudjet” loyihasining 2022-yil ikkinchi mavsumida Sport maktabi hududidan sun’iy qoplamali futbol maydonchasi qurish taklifi g‘olib bo‘ldi va ayni paytda ushbu maydonchaning qurilish ishlari yakuniga yetmoqda.

Bugungi kunda Qo‘shrabot tumanida sport sohasida ham yoshlar bir qancha yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Jumladan, Toshkent shahrida 21-26 - noyabr kunlari Armrestling sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2 nafar o‘quvchi 1-o‘rinni, yana 2 nafar o‘quvchi 3-o‘rinni, Turon yakka kurashi bo‘yicha Respublika chempionatida 9 nafar o‘quvchi g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi.

Ahamiyatlisi, o‘tgan yilning 5-8 - dekabr kunlari Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning voleybol turidan o‘tkazilgan Respublika bosqichida  tumanning eng chekka hududi, Chinoq mahallasida yashovchi o‘smirlar faxrli  birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Chinoqlik yoshlarning ushbu g‘alabasi uchun Sportni rivojlantirish vazirligining 600 million so‘m  mablag‘i evaziga mahalla hududidan universal sport maydonchasi qurib berilishi ko‘zda tutilgan.

48 - umumta’lim maktab sport zali 2020 - yil kapital ta’mirlangan. Ushbu maktabga 2017-2021 - yillar mobaynida sport jihozlari berilgan.

85 - umumta’lim maktabiga sport zal qurish loyihasi 2022 - yil “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi mavsumida g‘olib bo‘lgan. Ushbu sport zali qurilishi 2023 - yilning mart oyida nihoyasiga yetkaziladi va foydalanishga topshiriladi.

Qo‘shrabot tuman Sport maktabi inshootlarini ta’mirlash loyihasi 2024 - yil davlat dasturiga kiritish taklifi berilgan, shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023-yil birinchi mavsumiga sport zalni qayta ta’mirlash loyihasi qo‘yilgan.

2015-2024 © Қўшработ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM