Endi «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari ham «Open byudjet» orqali saralanadi

Hukumat qarori bilan qabul qilingan nizomga ko‘ra, endi jamoatchilik fikri asosida loyihalar to‘plami shakllantiriladi hamda g‘olib bo‘lgan mahalla va qishloqlar aniqlanadi. Ovoz berish jarayoni har yili noyabr–dekabr oylarida (2023-yil uchun istisno tariqasida 2023- yil may oyida) o‘tkaziladi.

Jarayonlar 3 ta bosqichda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
1-bosqichda – portalda loyihalar to‘plami shakllantiriladi;
2-bosqichda – shakllantirilgan loyihalar to‘plami saralab olinadi;
3-bosqichda – saralash bosqichidan o‘tgan loyihalar to‘plamlariga ovoz beriladi.

G‘olib mahalla va qishloqlar ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib, yoki aholisi soni kam bo‘lgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsientini qo‘llagan holda loyihalar to‘plamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib aniqlanadi.

Ovoz berish yakunlanganidan so‘ng 3 kunda g‘olib deb topilgan loyihalar to‘plamini amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantiriladi hamda jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha tuman (shahar) maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi. Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli ro‘yxatda nazarda tutilgan mablag‘lar o‘tkazib beriladi.

Loyihada har yil yakunlari bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bog‘liq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar rag‘batlantirib borilishi ham ko‘zda tutilgan.

 

2015-2024 © Қўшработ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM