Qo'shrabot tumanida Davlat tilida ish yuritish asoslari hamda O`zbek tilining davlat tili sifatidagi o`rni va nufuzini oshirish bo`yicha qilinayotgan ishlar to`g`risida ochiq muloqot

O‘zbek tilining davlat tili sifatida o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha tumanda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida
MA’LUMOT
Barchalaringizga ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda Davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bugungi kunga qadar bir qancha Qonun, Farmon va qarorlar qabul qilindi.
Ushbu qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, targ‘ib qilish ishlari, avvalambor, tuman hokimligi ishchi xodimlari hamda tumandagi korxona, tashkilot, muassasa va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil
20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan 2021-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Samarqand hududiy bo‘linmasida tumandan jami
6 nafar tinglovchilar malaka oshirishdi.

Joriy yilda ham ushbu malaka oshirish markazida har oy uchun belgilangan reja asosida tuman hokimligidan 12 nafar hokimlik xodimlari, shu jumladan hokim o‘rinbosarlari ham o‘qitiladi, hamda tumandagi tashkilot va korxonalardagi davlat xizmatchilari bosqichma-bosqich o‘qitilib boriladi.
Tumanda faoliyat olib borayotgan tashkilot, muassasa va idoralarda ish yuritish hujjatlarining davlat tilida yuritilishini nazorat qilish bo‘yicha tuman ishchi guruhi tomonidan o‘tgan 2021-yil davomida 20 ga yaqin tashkilot, korxonalar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha masala tuman hokimligi apparat yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama etildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.

Hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari!
O‘tgan 2021-yilda tumanda tashqi reklama vositalari O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonunining 20-moddasiga talablariga (Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin) asosan o‘rganildi va qonunga muvofiq kelmaydigan peshlavha, reklama, e’lon, boshqa axborot matnlari olib tashlandi.
Bu borada ishlarni tizimli olib borish maqsadida tuman hokimligida alohida ishchi guruh shakllantirilib, ushbu ishchi guruh tomonidan o‘tgan yilda  329 ta o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan tashqi yozuvlar aniqlandi. O‘tgan 2021-yil davomida mazkur ishchi guruh tomonidan olib borilgan tushuntirish va targ‘ibotlar natijasida 274 ta tashqi yozuvlardagi kamchiliklar bartaraf qilindi. Shundan:  81 ta xorijiy tilda yozilgan tashqi yozuvlar, 193 ta xato bilan yozilgan tashqi yozuvlardir. Joriy yilda ham Yuqoridagi kabi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilarga O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarining mazmun-mohiyati tushuntirilib, kerakli ko‘rsatma va tavsiyalar berib kelinmoqda. 

Davlat tili va uning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib borildi.
Jumladan, o‘tgan 2021-yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida  jami 34 marotaba chiqishlar qilindi. Shundan, 2 marotaba viloyat teleradiokanallarida, 1 marotaba brifing o‘tkazildi, 29 marta ijtimoiy tarmoqlarda, 2 marta gazetalarga maqolalar berildi.

Davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirish borasidagi ishlar joriy yilda ham muntazam ravishda olib borilmoqda, jumladan yil boshidan buyon 5 ta tashkilotda davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi, joriy yilning 
24-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi ishchi guruhi tuman Statistika bo‘limi, Davlat kadastrlar palatasining tuman filiali, tuman Davlat arxivi  hamda tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha mavjud muammolarni aniqlash, ularni muhokama qilish va bartaraf etish yuzasidan monitoring ishlarini olib bordi. Ishchi guruh ushbu tashkilotlar tizimida hujjatlarni yuritishda davlat tiliga rioya qilinishini koʻzdan kechirdi hamda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tashkilot rahbari va xodimlariga tushuntirish ishlari olib borilib amaliy yordamlar koʻrsatildi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

2015-2024 © Қўшработ туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM