Agar yangi tug‘ilgan bola farzandlikka olingan bo‘lsa, farzandlikka olgan ota yoki ona ham ona bo‘lgan ayollar singari tug‘ruqdan keyingi ta’tildan foydalanish huquqiga egami?
Bugungi kunda ko‘plab oilalar mehribonlik bilan bolalarni farzandlikka olayotgani quvonarli hol. Shunday savol tug‘ilishi tabiiy: Agar yangi tug‘ilgan bola farzandlikka olingan bo‘lsa, farzandlikka olgan ota yoki ona ham ona bo‘lgan ayollar singari tug‘ruqdan keyingi ta’tildan foydalanish huquqiga egami?
Javob beradi: Qo’shrabot tuman adliya bo’limi bosh yuristkonsulti Abdulaziz Abdusodiqov
Mehnat qonunchiligiga ko’ra, yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodim ham ijtimoiy ta’tildan foydalanish huquqiga ega xususan Mehnat kodeksining 406-moddasida yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga bola farzandlikka olingan yoki vasiylik belgilangan kundan boshlab va bola tug‘ilgan kundan e’tiboran ellik olti kalendar kun (bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq bola farzandlikka olingan taqdirda esa yetmish kalendar kun) o‘tguniga qadar qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘langan xolda ta’til berilishi belgilangan.
Shuningdek, yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy tayinlangan shaxs istasa, yozma ariza asosida bola ikki yoshga to‘lguniga qadar bola parvarishlash ta’tili olishi ham mumkin. Bu ta’til O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beriladi.
Bundan tashqari, bola uch yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmaydigan ta’til olish huquqi ham mavjud.
E’tibor berish kerak bo‘lgan yana bir jihat — ta’til muddati faqat bola farzandlikka olingan kundan emas, balki bola tug‘ilgan kundan boshlab hisoblanadi
.Masalan, agar bola 1-oktabrda tugʼilgan, 1-noyabrda esa farzandlikka qabul qilingan boʼlsa, taʼtil 1-noyabrdan ya'ni bola farzandlikka olingan yoki vasiylik belgilangan kundan 25-noyabrgacha (bola tugʼilgan kundan eʼtiboran ya'ni 1-oktabrdan 56 kalendar kun oʼtgunga qadar) beriladi.
Taʼtil olish huquqini tasdiqlash uchun xodim oʼzi onasi sifatida qayd qilingan bolaning tugʼilganlik toʼgʼrisidagi guvohnomani hamda farzand asrab olish toʼgʼrisidagi hujjatni taqdim etishi kerak.
Agar bola tug’ilgan kundan boshlab 56 kun o’tib ketgan bo’lsa, masalan, 2 oylik bitta farzand asrab olingan bo’lsa, ushbu ta’tilni taqdim qilib bo’lmaydi. Agar bir oylik chaqaloq asrab olinsa, u holda 25-26 kun ta'til beriladi.
Demak, qonunchilik ota-onalik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan har bir fuqaroning huquqlarini himoya qiladi. Bola farzandlikka olingan paytdan boshlab, farzandlikka olgan shaxslar ham bola parvarishiga tayyorlanish va unga mehr berish uchun zarur sharoitga ega bo‘lishlari ta’minlanadi.
Farzandlikka olish – bu faqat hujjat emas, balki yurakdan chiqqan mehr, insoniylik va g‘amxo‘rlik ifodasidir. Davlatimiz qonunlari esa ana shu mehrni qo‘llab-quvvatlaydi va ota-onalarga zarur huquqiy kafolatlarni yaratadi.




