insurez
03-03-2025 11:00

Notariat sohasidagi yangiliklar


Notariat sohasidagi yangiliklar

Notarial harakatlar murojaat etuvchi taraflar turli hududlarda joylashgan notarial idorada masofadan turib videokonferensiya aloqa rejimida bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin va bunday bitim ularning birgalikdagi ishtirokisiz amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida taraflar notariuslar huzurida bo‘lishi shart.

Mazkur tartib asosida barcha turdagi bitimlarni tasdiqlash mumkin. Bu kabi bitimlarni tasdiqlashda tegishliligiga qarab bitimlarni tasdiqlashning umumiy qoidalari qo‘llaniladi.

Bitimni notarial tasdiqlash taraflarning tegishli notariusga beriladigan arizasiga asosan amalga oshiriladi va ariza notarial tartibda shahodatlantirilmaydi.

Bunda bitimning birinchi tarafi murojaat qilgan notarius quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:

bitimning birinchi tarafi tomonidan taqdim qilingan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, shaxsini tasdiqlovchi (bitimning ikkinchi tarafining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi) va boshqa hujjatlarning qonuniyligini o‘rganib chiqadi;

videokonferensaloqa orqali bitimni tasdiqlashda tegishli bitim kartochkasini yaratadi va ma’lumotlarni tizimga kiritadi;

bitimning birinchi tarafi bilan o‘zaro muloqotda notarius tomonidan qanday turdagi bitim tuzilayotganligini, bitimning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntiradi, ushbu bitim mazmuni taraflarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va qonunchilik talablariga zid kelish-kelmasligini tekshiradi, taraflar o‘rtasida hisob-kitob bo‘lganligini aniqlaydi hamda hujjat matni bilan taraflar to‘liq tanishib, notarius tomonidan ovoz chiqarib o‘qib berilgan holda bitimning birinchi tarafi tomonidan imzolanadi hamda barmoq izlarini skaner qilish jarayonini videokonferensaloqa orqali Tizimda to‘liq qayd etadi;

taraflar hamda ularning o‘zaro kelishilgan boshqa shartlari haqidagi ma’lumotlar asosida bitim loyihasini elektron shaklda tuzadi;

Tizimda joylashtirilgan bitim loyihasini chop etadi va bitimning tegishli qismiga bitimning birinchi tarafiga imzo qo‘ydiradi hamda barmoq izlarini skaner qilish jarayonini videokonferensaloqa orqali Tizimda to‘liq qayd etadi va bitim bilan birga saqlaydi.

Bitimda tasdiqlovchi yozuv ko‘rsatilishi lozim.

Misol: Men Toshkent viloyati, Nurafshon shahar, Tinchlik ko‘chasi, 1-uyda joylashgan, Nurafshon shahar 1-son davlat notarial idorasining notariusi R.G.V., fuqaro B.A.G.ning mening huzurimda qo‘ygan imzosini xaqiqiyligini shahodatlayman.

Sotuvchining shaxsi aniqlandi, muomalaga layoqatliligi tekshirildi, ya’ni shaxsiy muloqot davomida uning muomalaga layoqatliligiga shubha tug‘ilmadi, notarial harakatni amalga oshirish davomida uning muomalaga layoqatsiz ekanligi xaqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas.

Shartnoma sotuvchining hoxish-irodasi va amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida videokonferensaloqa orqali masofadan turib rasmiylashtirilayotganligini tasdiqlayman. Uy-joy sotuvchiga tegishliligi tekshirildi, bu jarayon “Notarius” AATda videokonferensaloqa orqali to‘liq qayd etildi.

Sotuvchi fuqaro B.A.G. tomonidan taqdim qilingan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari Nurafshon shahar 1-son davlat notarial idorasida saqlanadi.

Ushbu hujjat, uy-joy oldi-sotdi shartnomasining ajralmas qismi hisoblanib, mazkur shartnoma Toshkent shahar, M. Ulug‘bek tumani, Baraka ko‘chasida joylashgan, M. Ulug‘bek tuman 1-son davlat notarial idorasi notariusi Z.G.G. tomonidan videokonferensaloqa orqali tasdiqlangan.

Notarius bitimni imzolab, muhr bilan tasdiqlaydi va mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa hujjatlarni skaner qilib Tizimga joylashtiradi.

Bitimning ikkinchi tarafi murojaat qilgan notarius quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:

Tizimga joylashtirilgan bitim bilan bog‘liq hujjatlarni yuklab oladi va chop etadi;

Tizim orqali bitimning birinchi tarafi murojaat qilgan notarius bilan videokonferensaloqa orqali videomuloqot o‘rnatadi, bunda notarius va notarial harakatni amalga oshirishda ishtirok etuvchi taraflar tasvirga to‘liq tushirilishi shart.

Shuningdek, notarius bitimning ikkinchi tarafiga qanday turdagi bitim tuzilayotganligini, bitimning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntiradi, ushbu bitim mazmuni taraflarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va qonunchilik talablariga zid kelish-kelmasligini tekshiradi, taraflar o‘rtasida hisob-kitob bo‘lganligini aniqlaydi hamda hujjat matnini sotib oluvchiga to‘liq tanishtirib, ovoz chiqarib o‘qib beradi. Bitimning ikkinchi tarafi tomonidan bitim imzolangandan so‘ng, uning barmoq izlarini skaner qilish jarayoni videokonferensaloqa orqali Tizimda to‘liq qayd etiladi.

Bitimda tasdiqlovchi yozuv ko‘rsatilishi lozim.

Misol: Ushbu shartnomani, men Toshkent shahar, M. Ulug‘bek tumani, Baraka ko‘chasida joylashgan, M. Ulug‘bek tuman 1-son davlat notarial idorasi notariusi Z.G.G. taraflarning xohish-irodasi va amaldagi qonunchilikka asosan sotuvchi — B.A.G. Nurafshon shahar 1-son DNIda bo‘lgan holda videokonferensaloqa orqali masofadan turib tasdiqladim. Bu jarayon “Notarius” AATda videokonferensaloqa orqali to‘liq qayd etildi.

 

 

Teglar
- -