Qo‘shrabot tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI
Qo‘shrabot tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga
MUROJAATI
Aziz fermerlar!
Mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ekin maydonlari va ekinlar tarkibini iqlimga moslab maqbullashtirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni faol qo‘llash choralari ko‘rilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston fermerlari kengashining o‘rni muhimligini e’tirof etish zarur. Kengashning barcha bo‘g‘indagi rahbar va xodimlari hamda buxgalteriya markazlari hodimlari aniq va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan holda suvdan foydalanishdagi muammo va kamchiliklarni tahlil qilish asosida tegishli xulosa va takliflarni fermerlarga muntazam ravishda yetkazib boradi.
Agrar sohaning rivoji bevosita agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish bilan birga qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, ishchi holatini saqlash, hosildorlikni oshirish hamda suv resurslari ta’minotiga bog‘liq.
idan kelib chiqib, davlatimiz rahbariyati tomonidan qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-144-son qaroriga asosan tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish, keng qamrovli yomg‘irlatib sug‘orish tizimi, “sprinkler” tizimi, mobil yomg‘irlatib sug‘orish tizimi, yerni lazerli uskuna bilan jihozlangan tekislagichlar yordamida tekislagan tarzda diskret sug‘orish usullari subsidiyalar ajratiladigan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari deb belgilangan. Fermer xo‘jaliklari tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilganda har gektar paxta, sabzavot ekinlari va kartoshka uchun 8 million so‘m, poliz ekinlariga 1,3 million so‘m, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun
gektariga 2,5 million so‘mdan, mevali ekinlarga 6 million so‘m subsidiya berilishi belgilab qo‘yilgan. Paxta va g‘alla maydonlariga o‘rnatilgan suv tejovchi uskunalar uchun bir yillik imtiyozli davr bilan 5-yil muddatga har bir gektarga 25 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishining qonuniy asoslari mustahkamlangan.
Shuningdek, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan fermer xo‘jaliklari tomonidan suv hisoblagichlar o‘rnatilganda suv solig‘idan 30 foizdan 50 foizgacha imtiyoz beriladi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktyabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-322-sonli qaroriga asosan 2026-yil 1-yanvardan boshlab ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchi subyektlarga mahsulot yetishtirishda sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizlik qismi davlat byudjetidan qoplab berilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yuqorida ta’kidlanganidek, davlatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligida fermerlar uchun katta imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, bugungi kunda qishloq xo‘jaligidagi suv ta’minotida ustuvorlik paxta va g‘allaga beriladi. Obihayotning qariyb 60 foizi ushbu ekinlarni sug‘orish uchun sarflanadi. Shu sababli bu yo‘nalishlarda tejamkor texnologiyalarni joriy etish – suvdan samarali foydalanishning bosh omili sanaladi.
Suv iste’molining eng katta qismi aynan qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelsada, yurtimizdagi sug‘orish tarmoqlarining yarmi betonlanmagani, ya’ni tuproq o‘zanli ariq va kanallardan iborat bo‘lgani bois katta miqdorda suv yo‘qotilmoqda. Fermerlar tomonidan ichki sug‘orish tarmoqlarining to‘liq betonlash uchun har yili kuzgi-qishki ta’mirlash mavsumidan samarali foydalangan holda, aniq rejali ishlarni davom ettirsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mamlakatimizdagi sug‘oriladigan maydonlarning 60 foiziga 1680 dan ziyod nasos stansiyasi va 4 mingdan ortiq sug‘orish qudug‘i orqali juda katta mablag‘ va xarajatlar evaziga suv yetkazib beriladi. Suv xo‘jaligi sohasiga ajratilgan 10 trillion so‘mning 63 foizi nasos stansiyalarining elektr energiyasiga sarflanadi. Ayon bo‘ladiki, suv tekin emas, hatto arzon ham emas!
Suv katta xarajat va ming mashaqqat bilan yetkazib berilayotgan sharoitda dalalarni ko‘llatib sug‘orish, suvni zovurlarga tashlab qo‘yish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Mamlakatimizda resurstejamkor texnologiyalar qo‘llayotgan fermer xo‘jaliklari soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Ayniqsa, tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret usulida sug‘orish, yerni lazer uskunasida tekislash ommalashmoqda. Bu orqali fermerlar nafaqat suvni tejayapti, balki hosildorlikning oshishi hisobiga yaxshigina daromad ham ko‘ryapti.
Kengash tomonidan ham suvni tejash, undan maqsadli, samarali va oqilona foydalanish, isrofgarchilikka barham berish maqsadida, fermer xo‘jaliklari tomonidan har 5 gektar maydonga 1 nafardan suvchi biriktirgan xolda mavjud g‘alla maydonlarini ko‘llatmasdan, suvni isrof qilmasdan sug‘orishni ta’minlanishiga yo‘naltirilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil qilindi.
Qo‘shrabot tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sug‘orish uchun yillik 25 metr kub suv xarajat qilinadi. Bu juda katta ko‘rsatkich. “Suv-tekin emas” degan g‘oyani mazmun-mohiyatini, suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklarini tumanimizdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan birgalikda xo‘jaliklarning barcha a’zolari o‘rtasida muntazam keng tushuntirish ishlarini olib borishimiz, 2025-2026-yillarda 9 km, shundan 2025-yil yakuniga qadar 4 km ichki sug‘orish kanallarni betonlashtirish ishlarini yakunlashimz lozim. Bu orqali biz kelgusi xalqimiz oldidagi eng oliy burchimizni bajarmoqdamiz.
Tajribali dehqonlar yaxshi biladiki, tomchilatib sug‘orish dalaga emas, o‘simlikka suv berish, degani. Bunda – mablag‘ tejaladi, o‘g‘it aynan ekinlarga bir xil yetkazib berilishi hisobiga hosildorlik oshadi.
Siz ham ilg‘orlar safiga qo‘shiling!
“Suv zar – suvchi zargar”, degan maqol bejiz aytilmagan. Qishloq xo‘jaligida zargarona mahorat bilan suvdan unumli foydalaning! Tejamkorlikning zamonaviy usullarini qo‘llab, suvning behuda sarf bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang! Bu borada boshqalarga namuna bo‘ling!
“Otang mirob bo‘lsa ham, arig‘ingni chuqur qazgin”, degan naqlga amal qilib, ishni qish mavsumida o‘z hududingizdagi sug‘orish tizimlarini tozalash va betonlashdan boshlang!
Qadrli hamyurtlar!
Suvning bebaho resursligi, uni isrof qilish esa xalqimiz kelajagiga xiyonat bilan barobarligini unutmaylik!
“Suv tekin emas, suvni tejang!” — bu shunchaki shior emas, balki barchamizning kunlik vazifamiz, hayot tarzimizga aylansin. Keling, barchamiz ushbu vazifani sidqidildan bajarib, xalqimiz, kelajak avlod oldida ham yuzimiz yorug‘ bo‘lsin.
Qo‘shrabot tuman fermerlari
kengashi Rayosat a’zolari




