insurez
28-06-2024 12:00

Miranda qoidasi haqida eshitganmisiz?


Miranda qoidasi haqida eshitganmisiz?

“Miranda qoidasi” AQSHda yuzaga kelgan yuridik norma boʻlib, unga koʻra, jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni soʻroq qilishdan oldin unga protsessual huquqlari tushuntirilishi kerak. Bu qoida 1966-yildagi AQSH Oliy sudi qaroridan kelib chiqadi. “Miranda qoidasi”dan koʻzlangan asosiy maqsad shaxsga oʻz-oʻziga qarshi guvohlik bermaslik huquqini berish boʻlgan. Xo’sh bizda ushbu qoida qonunchiligimizda mavjudmi?

Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksning 23-moddasiga koʻra gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Boshqacha qilib aytganda, milliy qonunchiligimizda sukut saqlash yoki hech qanday koʻrsatma bermaslik huquqi aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga asoslangan.

Shuningdek, sukut saqlash huquqi, yaʼni oʻziga nisbatan qoʻyilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishdan bosh tortish huquqi Jinoyat-protsessual kodeksning 48-moddasida qatʼiy kafolatlangan. Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, “Miranda qoidasi” talablari milliy qonunchiligimizda, xususan, amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilikda toʻlaligicha aks etgan deyishimiz mumkin. Biroq “Miranda qoidasi” jinoyat-protsessual qonunchiligimizning bir qancha moddalarida tarqoq hoda belgilangan edi. Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ushbu norma yaqqol va aniq ravishda mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi va shuningdek, Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Qo‘shrabot tuman adliya bo‘limi

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

boshlig‘i                                                     A.Usarov

Teglar
- -