«Ishonch» gazetasida chop etilgan “Qo‘shrabot qachon qizil toifadan chiqadi?” maqolasiga munosabat
«Ishonch» gazetasida chop etilgan “Qo‘shrabot qachon qizil toifadan chiqadi?” maqolasiga munosabat
Qo‘shrabot tumani Samarqandning eng olis, tog‘ va dashtlikdan iborat hududi hisoblanadi. Tumanning umumiy yer maydoni 215 973,0 gektarni tashkil etadi. Shundan 150461 gektari yaylov va 37667 gektar esa lalmikor yerlardan iborat. Tabiiyki, tumanda aholi asosan, lalmi dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Tumanning aksariyat qishloqlarida odamlar quduq suvidan iste’mol qiladi.
Joriy yilda nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda yog‘ingarchiliklarning kam bo‘lganligi sababli suv muammosi paydo bo‘lganini barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz. Bu, ayniqsa, asosiy yer maydoni dasht hamda tog‘lardan iborat bo‘lgan Qo‘shrabot tumaniga juda sezildi. Yog‘ingarchilik miqdorining meyordan ancha past bo‘lganligi sababli yaylov yerlardagi chorva ozuqasi uchun zarur bo‘lgan o‘t-o‘lanlar may oyining birinchi o‘n kunligida qurib qoldi. Lalmikor maydonlarda yetishtirilayotgan boshoqli don hosildorligi ham ancha past bo‘ldi.
Qor va yomg‘irning kam bo‘lgani tog‘dagi buloq suvlariga, aholi xonadonlaridagi quduq suvlariga ham ta’sir qildi.
Hozirgi kunda butun dunyoda ichimlik suvi muammo bo‘lib turgan paytda, Qo‘shrabot tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va OPEK xalqaro rivojlanish jamg‘armasi qarz mablag‘lari hamda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan tuman aholisi toza ichimlik suv bilan ta’minlandi. Lekin bu ham yetarli emasligi sababli tuman aholisining murojaatlari bo‘yicha qo‘shimcha artezian quduqlarini qazish ishlari olib borilib, suv muammosini yechish ishlari olib borilayapti.
Suvdan oqilona foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish davr talabi sanaladi. Suv tanqis bo‘lgan bir paytda tumanimiz fermerlariga tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yishni tavsiya qilayapmiz. Joriy yilning oxirigacha fermer xo‘jaliklarida tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ysak, o‘ylaymizki suv ancha tejagan bo‘lamiz. Bu usuldan foydalanganda nafaqat suv, balki yoqilg‘idan ham iqtisod qilinmoqda. Tejalgan suv nafaqat fermerlarimiz uchun, balki aholi uchun ham juda muhim. Axir, tumanda oqova suvlarning yo‘qligi har bir tomchi suvni isrof qilmasdan ishlatishni talab etmoqda.
Tumanda keyingi yillarda aholining ko‘payishi, uy-joy, sanoat korxonalarining qurilishi natijasida yaylov yerlarining kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Bu ham aholi, ham fermerlarning chorva mollarini boqishga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Bundan tashqari yog‘ingarchiliklarning kam bo‘lishi yaylovlarda chorva ozuqasi kamayishiga ham bo‘lmoqda.
To‘g‘ri, chorva mollari asosan aholi xonadonlariga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin joriy yilning oxirigacha tumandagi fermer xo‘jaliklariga dasht hamda tog‘li hududlarga moslashgan Mo‘g‘uliston davlatidan chorva mollari olib kelish rejalashtirilayapti. Buning uchun fermerlarimizga tijorat banklaridan kreditlar ajratilmoqda. Bosqichma-bosqich tumandagi fermerlarimizda chorva sonini ko‘payib, bozordagi ulushi ham oshadi.
Yana bir muhim masala – bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ib, sug‘orishda ishlatilishi. Prezidentimiz tomonidan tumanning “Xonnazar”, “Chorloq”, “Qo‘rg‘on”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan o‘tgan soydan yiliga 36 million kub metr suv samarasiz oqib ketayotganligi, bu yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni o‘zlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkinligi ta’kidlangan edi. Bu suv ombori bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan bo‘lib, Respublika ishchi guruhi tomonidan dala tadqiqot tekshiruv ishlari amalga oshirilib, loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Albatta, bularning barchasi har qatrasi oltinga teng bo‘lgan suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish asnosida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirish, chorvachilik uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi. Maqolada ko‘tarilgan muammolar dolzarbligi bilan ajralib turadi. O‘ylaymizki, suvni tejashni aholimiz o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirsak, fermerlarimizdan qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirishda imkon qadar suvni tejovchi texnologiyalardan foydalansa, o‘ylaymizki tumanda chorvachilik ham, dehqonchilik ham rivojlanadi degan umiddamiz.