MEHNAT MUHOFAZASI: MEHNAT KODEKSINING HUQUQIY ASOSLARI VA AMALIY AHAMIYATI
MEHNAT MUHOFAZASI: MEHNAT KODEKSINING HUQUQIY ASOSLARI VA AMALIY AHAMIYATI
Mehnatni muhofaza qilish mehnat jarayonida insonning xavfsizligini, hayoti va sog‘lig‘i, ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga doir huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya tadbirlari va vositalari tizimidir.
Mehnat kodeksida mehnat muhofazasi bo‘yicha asosiy tamoyillar belgilangan:
Xodimning xavfsiz va sog‘lom ish sharoitlariga bo‘lgan huquqi;
Ish beruvchining xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha bevosita majburiyatlari;
Mehnat muhofazasi bo‘yicha har yili o‘tkazilishi lozim bo‘lgan baholash va monitoring tizimi;
Ishchilarni zaruriy himoya vositalari bilan ta’minlashning majburiyligi.
Bu jihatlar Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 1981-yil 22-iyun 155-sonli Jeneva Konvensiyasi bilan uyg‘unlashgan holda ishlab chiqilgan. Mazkur konvensiyaning 4- moddasida Tashkilotning har bir a’zosi milliy sharoit va amaliyotga muvofiq va ish beruvchilar va xodimlarning vakolatli tashkilotlari bilan maslahatlashuvdan so‘ng mehnat xavfsizligi, mehnat gigiyenasi va ishlab chiqarish muhiti sohasidagi kelishilgan milliy siyosatni ishlab chiqilishi, amalga oshirilishi va vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Milliy qonunchiligimizdagi huquqiy yangiliklarning amaliy ifodasi sifatida Mehnat kodeksidagi dolzarb normalardan biri bu — xodim xavfli yoki sog‘liqqa zarar yetkazuvchi sharoitda ishlashdan bosh tortish huquqiga ega bo‘lishidir. Agar bunday holat aniqlansa, ishchi ushbu ishni rad etishga va xavf bartaraf etilguncha ish haqi va ish joyini saqlab qolishga haqlidir.
Xalqaro tajriba bilan qiyosiy tahlil etilganda Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlarda mehnat muhofazasi sohasida xavfni baholash va bartaraf etish tizimlari davlat va xususiy sektor tomonidan tizimli tarzda amalga oshiriladi. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda, ushbu ilg‘or amaliyotga yaqinlashayotganining isboti sifatida baholanmoqda.
Mehnat muhofazasi sohasida joriy etilgan yangiliklar nafaqat qonuniy, balki ijtimoiy jihatdan ham dolzarb hisoblanadi. Bu normalar xodimlar salomatligini muhofaza qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va barqaror mehnat muhitini yaratish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
A.Abdisodiqov,
Adliya bo'limi yuridik xizmatlar ko'rsatish markazi bosh yuristkonsulti