8-dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
8-dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
Bayramingiz muborak bo‘lsin, Aziz yurtdoshlar! Har yili 8-dekabr sanasi mamlakatimizda ulug‘ va qutlug‘ bayram O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni sifatida katta shodiyona bilan nishonlanadi. Aynan shu kuni 1992-yil 8-dekabrda xalqimiz irodasi va ezgu orzularining ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonun-O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kun hisoblanadi.
Konstitutsiya-davlat suvereniteti va mustaqilligining huquqiy asosi, xalq hokimiyatini ta’minlovchi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi muqaddas hujjatdir. Uning har bir moddasi inson qadrini ulug‘lash, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya-yangi taraqqiyot poydevoridir
2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya xalqimizning hayotiy ehtiyojlariga mos holda, yangi O‘zbekiston taraqqiyotining huquqiy asoslarini belgilab berdi.
Yangilanayotgan Asosiy Qonunda “Inson qadri uchun” tamoyili bosh g‘oya sifatida belgilanib, har bir fuqaroning sha’ni, huquq va erkinliklari davlat tomonidan yanada mustahkam kafolatlar bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, mehnat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy va ijtimoiy himoya sohalarida fuqarolarning huquqiy imkoniyatlari kengaytirildi. Bu esa davlat va jamiyatning inson manfaati yo‘lidagi mas’uliyatini yanada oshirdi.
Konstitutsiya-adolat va qonun ustuvorligi ramzi
Asosiy Qonun har bir davlat organi va mansabdor shaxs faoliyatida qonun ustuvorligi tamoyilini ta’minlashda bosh mezon bo‘lib xizmat qiladi. Har bir fuqaro esa Konstitutsiyaga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, uning talablariga amal qilish orqali mamlakatimizda qonun ustuvorligini va uning shaffofligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishi lozim.
Konstitutsiya kuni-bu nafaqat bayram, balki xalqimizning birdamligi, Vatanga sadoqati va huquqiy madaniyatini ifodalovchi muhim sana hisoblanadi.
Asosiy Qonunga sodiqlik, uning talablariga qat’iy rioya etish-bu mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishning asosiy mezoni va shartidir.
Qo‘shrabot tuman hokimligi bosh yuriskonsulti
I.K. Ermatov




