insurez
27-10-2025 12:10

Nogironligi bo‘lgan yoshlarni adaptiv sportga jalb etish borasida amalga oshirilgan ishlar


Nogironligi bo‘lgan yoshlarni adaptiv sportga jalb etish borasida amalga oshirilgan ishlar

Adaptiv sport — bu jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun mo‘ljallangan sport turi bo‘lib, ularning sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, jamiyatda faol ishtirok etishini taʼminlash va o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibor sezilarli darajada kuchaydi. Avvalo, sog‘lom turmushni targ‘ib qilish, yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash hamda jahon maydonlarida Yurtimiz obro‘sini oshirishga qaratilgan islohotlarda namoyon bo‘lmoqda. Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida adaptiv sport alohida eʼtibor markazida. Paralimpiyada o‘yinlari, deflimpiya musobaqalari, nogironlar aravachasida basketbol, suzish, yengil atletika, stol tennisi va hatto shaxmat kabi ko‘plab yo‘nalishlarda yurtimiz sportchilarining qo‘lga kiritayotgan oliy o‘rinlarida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillar ichida adaptiv sportni rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. 2017-yilda O‘zbekiston Milliy Paralimpik qo‘mitasi faoliyatini kengaytirib, respublikamizda maxsus sport maktablari va reabilitatsiya markazlari tashkil etildi.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning 2024-yil 8-noyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-389-sonli qarori qabul qilinishi adaptiv sport turlarini rivojlantirish dasturini yaratib berdi.

Ushbu hujjat bilan 2024-yil 15-dekabrdan boshlab, sport bilan shug‘ullanishni istagan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatiga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida bo‘lgan sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llanma berilishi belgilandi.

2025-yil 1-fevraldan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanadigan sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari yo‘lga qo‘yilishi natijasida tumanimizda 5 nafar sport murabbiyi va trenerlarni adaptiv sport turlari bo‘yicha sertifikat olishi uchun kurslarga tavsiya berildi.

Hozirda 1 nafar murabbiy Sirliboyeva Shohista sertifikat olib, tuman markazida joylashgan Sport maktabi va Xonnazar mahallasidagi 11-umumiy o‘rta maktabda yengil atletika sport turi bo‘yicha adaptiv sport guruhlarini shakllantirib, 20 nafar yoshlarimiz jalb etildi.

Sportchilarimiz bugun xalqaro maydonda faxr bilan ishtirok etishmoqda. Masalan, Tokio-2020 Paralimpiyada o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 19 ta medal — 8 oltin, 5 kumush va 6 bronza medalni qo‘lga kiritib, butun dunyoni lol qoldirishdi.

Bu natija nafaqat sport yutug‘i, balki butun xalqimizning g‘ururi va faxridir.

Har bir medal orqasida minglab soatlik mehnat, sabr, ko‘z yoshlari va qat’iyat yotadi.

Masalan, yengil atletikachi Nurxon Kurbonova, suzuvchi Shokhsanam Khudoyberdieva, dzyudochi Shahboz Saidov kabi sportchilarimiz o‘z hayoti, kurashi va muvaffaqiyati bilan ko‘plab yoshlar uchun namunaga aylangan.

Albatta, para va adaptiv sport yo‘nalishlarida tumanimizning bir qancha yoshlari ham nufuzli musobaqalarda munosib qatnashib kelmoqda. Misol uchun tumanimiz faxri Balikova Charos para shashka bo‘yicha joriy yil Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida jahon chempioni bo‘ldi.

Inson hayotida sport faqat musobaqa emas — u hayot tarzi. Ayniqsa, nogironligi bor insonlar uchun u reabilitatsiya vositasi, ya’ni sog‘lom hayotga qaytish yo‘lidir. Sport orqali inson o‘zini jamiyatda foydali, faol shaxs sifatida his qiladi. U o‘ziga bo‘lgan ishonchni qayta tiklaydi, ruhiy toliqishlardan xalos bo‘ladi.

Bugungi kunda adaptiv sport nafaqat musobaqalar bilan, balki jamiyatdagi o‘zgarishlar bilan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bu soha orqali biz inklyuziv jamiyat, ya’ni har bir inson teng huquqqa ega bo‘lgan, o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamiyat sari harakat qilamiz.

Jamiyatimizda nogironligi bo‘lgan insonlarga yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan bir safda turish — bu har birimizning insoniy burchimizdir. Ularning har bir yutug‘i — bizning ham yutug‘imiz, ularning har bir g‘alabasi — bizning faxrimizdir.

Har bir insonning orzusi bor. Kimdir yugurishni, kimdir suzishni, yana kimdir to‘p o‘ynashni yoqtiradi. Ammo ayrim insonlar uchun bu orzularni amalga oshirish biroz murakkab tuyulishi mumkin. Lekin inson irodasi oldida hech qanday to‘siq bardosh bera olmaydi. Shuning uchun ham adaptiv sport — insonning imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, ruhiyati va iroda kuchi cheksizligini isbotlovchi sohadir.

Baymatova Charos,

Qo‘shrabot tuman "Inson" IHM Katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash sho‘basi mutaxassisi

Teglar
- -