insurez
13-01-2026 17:30

GʼАLLАNGIZGА QOʼSHIMCHА OʼGʼIT BERING HАMDА АGROTEXNIK TАDBIRLАRNI OʼZ VАQTIDА QOʼLLАB, GʼАLLАDАN MOʼL HOSIL OLISHGА ERISHING!


GʼАLLАNGIZGА QOʼSHIMCHА OʼGʼIT BERING HАMDА АGROTEXNIK TАDBIRLАRNI OʼZ VАQTIDА QOʼLLАB, GʼАLLАDАN MOʼL HOSIL OLISHGА ERISHING!

          Qoʼshrabot tuman fermerlari kengashi Rayosati aʼzolarining fermerlarga

             MUROJААTI!

Qadrli yurtdoshlar!

Hurmatli dehqon va fermerlar!

Qishloq xoʼjaligida global iqlim oʼzgarishi va suv tanqisligi sharoitida mahsulot yetishtirishni koʼpaytirish orqali xalqimizni sifatli oziq-ovqatga ehtiyojini taʼminlash ustuvor vazifamizdir.

Davlatimiz rahbari 2025-yil 26-dekabrdagi murojaatnomada qishloq xoʼjaligida hosildorlikni yangi texnologiyalar asosida oshirish va sohani qoʼllab-quvvatlash borasida muhim vazifalarni belgilab berdilar.

Qishloq xoʼjaligi xodimlari kuni munosabati bilan agrar sohada mehnat qilayotgan dehqon va fermerlarning iqtisodiyotimizni yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ulkan xizmatlarini eʼtirof etdilar. Bu, albatta fermer, dehqonlarimizni yuksak marralar va yuqori natijalar sari ruhlantiradi, oʼz vazifasiga katta masʼuliyat bilan yondoshishga undaydi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan koʼplab Farmon va qarorlar Siz, dehqon va fermerlarning qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi ulkan yutuqlaringizga mustahkam zamin yaratmoqda.

Аynan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 9 dekabrdagi “Paxtachilik va gʼallachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qoʼllashning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-370-sonli qarori bilan fermerlarga katta imtiyoz va vakolatlar berildi. Jumladan, zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish, ilm-fan yutuqlari va ustoz-shogird anʼanalariga asoslangan yangi tizimni joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, hosildorlikni gʼallachilikda 100 sentnergacha yetkazish borasida davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash choralari belgilandi.

Gʼalla yetishtiruvchi fermer xoʼjaliklarini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash maqsadida 2026 yil hosilidan boshlab gʼallani oʼz mablagʼlari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xoʼjaligi korxonalariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi.

Bu imtiyozli kreditni olmasdan gʼalla yetishtiruvchi fermer xoʼjaliklari uchun katta imkoniyat, degani.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish borasida katta imtiyozlar berilgani ham fermerlarimizni suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga va gʼalladan yuqori hosil olishiga ragʼbatlantiradi.

Yangi Oʼzbekistonimizning bu yilgi ulkan gʼalla xirmonini omilkor dehqonlar, fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar hamda sohaning fidoiy olimlari, tajribali mutaxassislarning zahmatli mehnatlari evaziga yaratilishini hammamiz his qilib turibmiz.

Mamlakatimizda fermer xoʼjaliklariga gʼalla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʼlaridan erkin foydalanish hamda xizmat koʼrsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilganligi Siz fermerlarga katta manfaatdorlikni taʼminlamoqda.

Dehqonlar taʼbiri bilan aytganda, “Yil yilga oʼxshamaydi”, bugungi kunda gʼalla maydonlarini parvarishlashda oʼzgacha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishni davr shiddati taqoza etmoqda.

Tumanda sohaning olim va mutaxassislari tomonidan shu kunlarda 7 dan ortiq fermerlar 61 gektar gʼalla maydonlarida ekinlar rivoji pastligi, yaʼni tuplagan, lekin 3-4 barg, 1-2 barg fazasida rivojlanayotgan, hatto, unib chiqmagan maydonlar mavjudligi aniqlangan.

Qoʼshrabot tumanidagi 10-15 foiz fermerlarning gʼalla maydonlarini qoʼshimcha oziqlantirish va agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida qoʼllab, 2026 yil gʼalla hosilidan yuqori daromad olishni taʼminlash bugungi kunning eng dolzarb masalasi boʼlib turibdi.

Qoʼshrabot tuman fermerlari kengashi tomonidan gʼallani oziqlantirish va rivojini taʼminlash borasida zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda oʼn beshta fermer xoʼjaliklari faoliyati muhokama qilinib, yoʼl qoʼygan qoloqlikni qisqa muddatlarda bartaraf etilishi yuzasidan ogoh etilib, amaliy tavsiyalar berildi.

Аziz mirishkor dehqon va fermerlar!

Yuqoridagi kamchiliklarni oʼz vaqtida bartaraf etish uchun Qoʼshrabot tuman fermerlari kengashi rayosati aʼzolari, tegishli soha olim va mutaxassislari tomonidan gʼalla yetishtiruvchi fermer xoʼjaliklariga va klasterlarga 2026 yilda har bir gektar gʼalladan 100 sentnergacha hosil olish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:

birinchidan, har bir fermer xoʼjaligi tomonidan gʼalla maydonlarini yana bir bor koʼrib, rivojidan orqada qolayotgan maydonlarni aniqlab oling;

ikkinchidan, qisqa muddatda barcha maydonlarga yetarli azotli oʼgʼitlar zaxirasini yarating va kechki hamda qoloq gʼalla maydonlarini yaxshilash maqsadida gektariga qoʼshimcha 100-150 kg azotli oʼgʼitlar bilan oziqlantirishni tashkil etib, gʼalladan barakali hosil olishga erishing;

uchinchidan, ekilgan gʼalla maydonlarida kunduzi va kechki paytlarda ham dalalarda chorva mollarini boqish holatlari koʼpaymoqda, shuning uchun maysani payhondan himoyalash maqsadida dala chetlarini chetan bilan oʼrashni tashkil eting;

toʼrtinchidan, yanvarь oyida mavsum davomida talab etiladigan mineral oʼgʼitlar, biostimulyatorlar va kimyoviy vositalar zaxirasini shakllantirish, texnikalarni taʼmirlash ishlarini amalga oshirib, ob-havo sharoitidan kelib chiqib, suspenziya sepishni tashkil eting;

beshinchidan, gʼalla maydonida yomgʼirlatib sugʼorishni yoʼlga qoʼyib, davlat tomonidan beriladigan subsidiya mablagʼini oling hamda hosildorlikni har gektariga 10-12 sentnerga oshiring va suvni 35-45 foizga tejang;

 oltinchidan, dalangizning suv kirish qulogʼiga handak oʼra qazib, gektariga 3 tonnadan mahalliy oʼgʼit jamgʼarishni tashkil eting;

ettinchidan, kechki va unib chiqmagan gʼalla maydonlariga quruq, chirigan mahalliy oʼgʼit sepishni tashkil eting, bunda, gektariga 5 tonnadan mahalliy oʼgʼit qoʼllanilganda kuzgi bugʼdoy hosildorligi 6-10 sentnerga oshishi va mahalliy, mineral oʼgʼitlar bilan birgalikda qoʼllanilganda samaradorlik yanada yuqori boʼlishini aslo unutmang;

sakizinchidan, aholi xonadonlari va chorva komplekslaridagi mahalliy oʼgʼitlarni jamgʼarib, dalalarga chiqarishni tashkil eting;

toʼqqizinchidan, ob-havoning qulay kunlaridan foydalanib, dala atroflarini, ichki va xoʼjalik ariqlarini tozalang hamda parallel ravishda betonlashtirish ishlarini yakunlang;

oʼninchidan, har bir fermer xoʼjaligi boshligʼi gʼallachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, gʼallaga qoʼshimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib joriy yilda gʼalla hosilini gektariga 100 sentnergacha yetkazib, yuqori daromad olishga erishing.

Аziz fermer va dehqonlar!

Xalqimiz bugun biz dehqon va fermerlarning shijoati, gʼayrat va matonatiga koʼz tikib turibdi. Buni bir zum boʼlsa-da, yoddan koʼtarmaylik. Dasturxonimiz toʼkin-sochin, bozorlarimiz noz-neʼmatlarga toʼla va arzon, turmushimiz yanada farovon boʼlishi ayni paytda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarga bogʼliqligini unutmang.

Oʼz daromadingizni oshirish hamda mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qoʼshish uchun barchangizni sidqidildan ishlashga, fidoyilik namunasini koʼrsatishga chaqiramiz!

Qoʼshrabot tuman fermerlari kengashi Rayosat aʼzolari

Teglar
- -