insurez
10-10-2025 12:10

Nogironligi bo‘lgan yoshlarni adaptiv sportga jalb etish borasida amalga oshirilgan ishlar


So‘nggi yillarda mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibor sezilarli darajada kuchaydi. Avvalo, sog‘lom turmushni targ‘ib qilish, yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash hamda jahon maydonlarida Yurtimiz obro‘sini oshirishga qaratilgan islohotlarda namoyon bo‘lmoqda. Misol sifatida jahonning nufuzli sport musobaqalari Olimpiyada o‘yinlari va turli yo‘nalishlardagi jahon chempionatlarida yurtimiz sportchilarining qo‘lga kiritayotgan oliy o‘rinlarida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

  Shu o‘rinda, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, sportning nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda ijtimoiylashuvini ta’minlashdagi beqiyos o‘rnini inobatga olib, turli para sport yo‘nalishlari va adaptiv sport turlari bo‘yicha barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

  Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning 2024-yil 8-noyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-389-sonli qarori qabul qilinishi adaptiv sport turlarini rivojlantirish dasturini yaratib berdi.

Ushbu hujjat bilan 2024-yil 15-dekabrdan boshlab, sport bilan shug‘ullanishni istagan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatiga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llanma berilishi belgilandi.

2025-yil 1-fevraldan boshlab paralimpiya sport turlari, karlar sporti, ko‘rish qobiliyati buzilgan shaxslar sporti, maxsus olimpiada sport turlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanadigan boshqa sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yilishi natijasida tumanimizda 5 nafar sport murabbiy va trenerlarini adaptiv sport turlari bo‘yicha sertifikat olishi uchun kurslarga tavsiya berildi.

Hozirda 1 nafar sportchi murabbiy qizimiz Sirliboyeva Shohista sertifikat olib, tuman markazida joylashgan Sport maktabi va Xonnazar mahallasidagi 11-umumiy o‘rta maktabda yengil atletika sport turi bo‘yicha adaptiv sport guruhlarini shakllantirib, 20 nafar yoshlarimiz jalb etildi.

Albatta, para va adaptiv sport yo‘nalishlarida tumanimizning bir qancha yoshlari nufuzli musobaqalarda munosib qatnashib kelmoqda. Misol uchun tumanimiz faxri Balikova Charos para shashka bo‘yicha joriy yil Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida jahon chempioni bo‘ldi.

Hozirda tumanimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni adaptiv sport turlariga jalb qilish bo‘yicha tuman hokimligi, tuman Sport maktabi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda ishlarimizni davom ettirmoqdamiz. Bunda, albatta, mahallalardagi ijtimoiy xodimlarimiz nogironligi bo‘lgan yoshlar bilan birga ishlab, bizga asosiy yordamchi bo‘ladi.

Teglar
- -