Xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi kotibiyati mudiri A.Ismoilov ishtirokida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi
Xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi kotibiyati mudiri A.Ismoilov ishtirokida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mavzu: Xalq deputatlari tuman Kengashining hududlardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis Senati va xalqga qilgan murojaatnomasida Xalq deputatlari Kengashlarining hududlardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish va ijro organlari ustidan samarali nazoratni o‘rnatish asosiy vazifalardan biri qilib belgilandi.
Xalq deputatlari tuman Kengashida faoliyat yurituvchi deputatlar tomonidan mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish tobora jadallashib bormoqda.
Deputatlarning aholi bilan samarali muloqot olib borishi, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etishi, murojaatlarni ko‘rib chiqishi, qonun, qaror va dasturlar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini olib borishiga qulaylik yaratish maqsadida doimiy asosda ishlovchi Xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashi kotibiyati 2021-yil 1-fevraldan o‘z ish faoliyatini boshlagan.
Kotibiyatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- Kengash faoliyatini tashkiliy, huquqiy, axborot-tahliliy va boshqa jihatlardan ta’minlash;
- Kengash va uning doimiy komissiyalarining nazorat sohasidagi vakolatlarini samarali amalga oshirishiga ko‘maklashish;
- mahalliy ijroiya hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari (axborotlari) eshituvini tashkil qilishga ko‘maklashish;
- Kengash faoliyatiga doir hujjatlarning “Kengash.gov.uz” elektron tizimi orqali yuritilishini ta’minlash;
- Kengash va uning doimiy komissiyalarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda uning qo‘mitalari (komissiyalari) bilan hamkorligini tashkil etish;
- Kengash faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashish.
- tuman Kengashi va uning doimiy komissiyalari qarorlari loyihalarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek yuridik texnika talablariga muvofiqligini ko‘rib chiqish, mazkur hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy tusga ega qarorlarning mahalliy Kengash muhokamasiga kiritilishidan oldin tuman Adliya bo‘limida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil qilish;
2021-yil davomida Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan
126 ta, 2022-yilda 271 ta, 2023-yilda 157 ta, 2024-yilda esa 46 deputatlik so‘rovlari yuborilgan.
Kengash kotibiyati faoliyati davomida 2021-yilda 17 marotaba tuman Kengashi sessiyalari o‘tkazilgan bo‘lib, 2022-yilda 23 marotaba, 2023-yilda
22 marotaba, 2024-yilda esa 14 marotaba sessiyalar o‘tkazilgan. Mahalliy ijro hokimiyati, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari yoki axborotlari muhokama qilingan va
2021-yilda 125 ta, 2022-yilda 224 ta, 2023-yilda 123 ta, 2024-yilda esa 151 ta qarorlar qabul qilingan.
E’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihati shundaki 2021-2022-yillarda sessiyalar va qarorlar sonida o‘sish kuzatilgan. Biroq 2023-yilda sessiyalar va qarorlar kamaygan. Bu esa sessiyalarda dolzarb masalalar ko‘rilganligi, sessiya va qarorlar soni emas ularning ijro etilishiga, aholining ko‘proq muammolari hal qilinishiga e’tibor qaratilgan.
2024-yilda Kotibiyat faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan bir marta tuman Adliya bo‘limining taqdimnomasi kelib tushdi. Mazkur taqdimnoma yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati xodimlariga tegishli tushuntirishlar berildi.
Xalq deputatlari tuman Kengashining ish faoliyati ochiqligini ta’minlash hamda axborot va ma’lumotlarni olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sessiyalar onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Tuman Kengashining ish faoliyati OAVlarda va ijtimoiy tarmoqlarda doimiy ravishda yoritilishi ortidan halqimizning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchi ortmoqda. Sessiyalarda chiqarilgan qarorlar E-Kengash tizimi orqali e’lon qilib borilmoqda.
Doimiy ravishda sessiyalarda aholini qiynab kelayotgan muammolar muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ushbu chora-tadbirlarning ijrosi xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiya raislari tomonidan ta’minlanib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Xalq deputatlari Qo‘shrabot tumani Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 25 ta saylov okrugi mavjud bo‘lib, bugungi kunda 25 nafar deputat tuman Kengashida faoliyat olib bormoqda.
2025-yil davomida Kengash faoliyatining samaradorligini oshirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish maqsadida Xalq deputatlari tuman Kengashining hamda doimiy komissiyalarini yillik ish rejasi ishlab chiqilgan.
Deputatlarimiz tomonidan aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyiga chiqgan holda aholi bilan uchrashib bartaraf qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tuman Kengashi kotibiyati tomonidan 2025-yilda ham deputatlarning o‘z okruglarida sayyor qabullar o‘tkazish bo‘yicha reja-jadvallar ishlab chiqish va nazoratga olish belgilab olingan.
Xalq deputatlari tuman Kengashi oldingi rasmiyatchilik uchungina ishlaydigan, nomi boru, o‘zi yo‘q tashkilotdan bugungi kunga kelib doimiy harakatdagi rivojlanib borayotgan nazorat organiga aylanmoqda.
Deputatlar tomonidan 2025-yilda brifing va matbuot anjumanlarini o‘tkazish reja-grafik asosida tashkil etilgan bo‘lib, o‘z navbatida deputatlarning saylovchilari oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratildi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish va nazorat qilish bo‘yicha mas’uliyati oshib borayotganligi bugungi kunda sir emas.
O‘tkazilinayotgan sessiyalarda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlarda belgilanayotgan vazifalar ustidan deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yish masalalari alohida aks ettirilib, ijrochilarning hisobdor ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.
Bu esa, deputatlardan har doimgidan ham faol va samarali faoliyat yuritishni, o‘z ustida doimiy ishlash zarurligini, qonunchilikdagi yangiliklardan doimiy xabardor bo‘lib turish lozimligini talab qilmoqda.
Tumanimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda tuman Kengashi deputatlari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish asosiy vazifalarimizdan biridir.