“Xalqchil IPO” dasturi doirasida yirik kompaniyalarning aksiyalarini “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida ommaviy joylashtirish boshlanmoqda
“Xalqchil IPO” dasturi doirasida yirik kompaniyalarning aksiyalarini “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida ommaviy joylashtirish boshlanmoqda
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq Oʻzbekistonning yirik kompaniyalari aksiyalarini fuqarolarga ommaviy taklif etishning yangi bosqichi boshlanganligini eʼlon qiladi.
Mazkur “Xalqchil IPO” dasturi mamlakatda aholining barcha qatlamlari orasida keng mulkdorlar sinfini – aksiyadorlarni shakllantirish maqsadida oʻtkazilmoqda. Bu uchun mazkur bosqichda “birlamchi, ikkilamchi ommaviy taklif etish” tamoyili asosida Olmaliq KMK, Oʻzbektelekom, Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi va Oʻztemiryoʻl konteyner kabi yirik kompaniyalarni aksiyalari savdoga chiqarilmoqda.
Avval xabar berilganidek, ushbu jarayonni oʻtkazishda:
- KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi Strategik konsultant sifatida va jarayonni muvofiqlashtirish uchun jalb etilgan;
- “Mosaic Financial” va “Lightman PR” konsorsiumi keng qamrovli targʻibot va tashviqot ishlarini tashkillashtirish uchun PR-konsultant sifatida jalb etilgan;
- 6 ta investitsion vositachilari – “Toshkent” RFB aʼzolari, salohiyatli anderrayterlar roʻyxati (“gʻoliblar roʻyxati”)ga kiritilib, ular bilan bosh kelishuvlar imzolangan.
Bunda, “Xalqchil IPO”ni muvaffaqiyatli tashkillashtirish uchun Strategik konsultant bilan kelishgan holda bir yoki bir nechta anderrayterlar “Xalqchil IPO” oʻtkaziladigan muayyan kompaniyalarga alohida shartnomalar orqali biriktiriladi.
Strategik konsultant bilan hamkorlikda aksiyalar muomalasi va “Xalqchil IPO”ni tashkillashtirish uchun zarur hujjatlar va ushbu kompaniyalarning moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlari kompleks tahlil qilinib, uning natijalariga koʻra dastlab “Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJning aksiyalarini joylashtirish taklifi ishlab chiqildi.
Oʻz navbatida, Strategik konsultant tomonidan qolgan jamiyatlar kompleks tahlil qilinmoqda va ularning aksiyalarni birlamchi joylashtirishga tayyorligi, ommaviy joylashtirish standartlari va talablarini mos kelishi yuzasidan tavsiya ishlab chiqilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJning aksiyalarini “Xalqchil IPO” doirasida ommaviy joylashtirishni amalga oshirish maqsadida:
- Biznes-rejasi strategiyasi va investitsion jozibadorlik tarixi (equity story) ishlab chiqish;
- bukrannerning standart xizmatlari, shu jumladan joylashtirilgan qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun salohiyatli investorlarning arizalarini qabul qilish, talabnomalarning jamlangan reestrini yuritish va aksiyalarning “Xalqchil IPO”sini tashkil etishni amalga oshirish uchun KAPITAL-DEPOZIT, SATORI IB GROUP va SATORI CAPITAL anderrayter sifatida jalb qilindi.
“Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJning aksiyalarining ommaviy taklifini oʻtkazish jarayonida mahalliy investorlarning buyurtmalarini qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda boʻlgan jarayonga qoʻshimcha ravishda, “E-auksion” elektron savdo platformasi, shu jumladan uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
“Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ aksiyalarini “Xalq IPO”sini muvaffaqiyatli tashkillashtirishda anderrayterlar zarur mobil ilovalarga ega boʻlgan tijorat banklari bilan holda hamkorlik qilish imkoniyatiga ega.
Eslatib oʻtamizki, “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosidagi “Xalq IPO”sida ishtirok etish uchun aholining barcha qatlamlariga keng imkoniyat yaratish maqsadida, fuqarolar oʻrtasida ommalashishga ulgurgan va foydalanuvchilarga qulay boʻlgan “E-auksion” platformasining joriy imkoniyatlaridan foydalaniladi hamda jarayonga qiziqish bildirgan Oʻzbekiston Respublikasining barcha rezidentlari (jismoniy va yuridik shaxslar)ning arizalari jumladan mazkur platforma orqali qabul qilinadi.
Bunda, platforma orqali 24/7 onlayn rejimida:
- talabgorlarni qimmatli qogʻozlar bozori qonunchiligi talablariga asosan identifikatsiya qilish (ERI, One ID va Mobile-ID);
- professional brokerni tanlab, ular bilan shartnoma tuzish;
- depo hisob raqam (aksiya/obligatsiya uchun hisob raqam) ochish;
- mahalliy investorlar tomonidan aksiyalarni sotib olish boʻyicha buyurtmalarni yuborish imkoniyatlari yaratiladi.
Aksiyalarni joylashtirish parametrlari (narx diapazoni), “OʻzRTXB” AJ aksiyalarining investitsiya salohiyati toʻgʻrisidagi materiallar, shuningdek arizalarni topshirish tartibi va muddatlari haqidagi maʼlumotlar “KapDepo” konsorsiumi, Davaktiv agentligi, “OʻzRTXB” AJ rasmiy aloqa kanallari, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali qoʻshimcha tarzda yetkaziladi.
Bu orqali, jarayonning har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilik xabardor qilinishi taʼminlanadi, jalb qilingan PR konsultantlar esa ommabop targʻibot-tashviqot jarayonlarini va marketing kampaniyasini amalga oshiradi.
Yurtdoshlarimizni respublikadagi eng yirik kompaniyalarning aksiyadorlari–egalari boʻlish va ularni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatidan foydalanishga chorlaymiz.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi qaroriga asosan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (2%), “Oʻzbektelekom” AK (2%), “Oʻzbekiston pochtasi” AJ (5%), “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ (5%), “Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ (2,4%), “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ (2%), “Oʻzbekgeofizika” AJ (2%), “Oʻzbekgidroenergo” AJ (2%), “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ (4%), “Temiryoʻlkargo” AJ (4%), “UzAuto Motors Powertrain” AJ (5%), “Toshkent” RFB» AJ (5%) aksiyalarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkazilishi belgilangan.
Diskleymer: Kapital bozorida qimmatli qogʻozlarni Investitsiyalash obyekti sifatida tanlash va bu investitsiyaning oqibatlari qimmatli qogʻozlar bozori qonunchiligiga muvofiq investorning tavakkalchiligi hisoblanadi.
Qaxramon Eshankulov,
“ Elektron onlayn-ausionlarni tashkil etish ” AJ Samarqand viloyati hududiy vakili